Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekistondagi so‘nggi aksilkorrupsiya islohotlari bilan tanishdi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekistondagi so‘nggi aksilkorrupsiya islohotlari bilan tanishdi

Joriy yilning 10-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida Tuxtasheva Yasser Abdix boshchiligidagi Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi missiyasini Agentlikda qabul qildi.

Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar borasida muloqot qilindi.

Xususan, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun samarali amalga oshirilishiga qaratilgan sa'y-harakatlar, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha strategiya loyihasi qabul qilinishi, "Davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi", "Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari hamda ular doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, rejalar muhokama qilindi.

O‘z o‘rnida, uchrashuvda tomonlar Agentlik tomonidan e’lon qilinadigan ochiqlik indeksi, davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiyaviy holat haqida xabar berish imkoniyat va aloqa kanallari, hudud va mahallalarda olib borilayotgan davlat siyosati kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot davomida korrupsiyaga qarshi kurashish choralari hudud va mahallalarda idoralararo hamkorlikni ta’minlagan holda kompleks yondashuv asosida amalga oshirilayotganligi, ushbu jarayonning huquqiy va amaliy jihatlariga hamda jamoatchilik xabardorligini ta’minlanayotganiga alohida e’tibor qaratildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati